Close

O‘zbekistonda elektron vizalar berish tizimi takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektron vizalar berish tizimini takomillashtirish va uning mobil ilovasini ishga tushirish boʻyicha topshiriq berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bir kun avval turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etadigan global reklama kampaniyasini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan edi.

Belgilanganidek, milliy turizm brendiga bagʻishlangan kontent yaratish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi. Joriy yilda Toshkentda, kelasi yili Xivada xalqaro gastronomik festivallar tashkil etilib, unda 300 dan ortiq milliy taomlardan iborat o‘zbek taomlari targ‘ib qilinadi.

Reklama kampaniyasida televideniye bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlardan ham keng foydalaniladi. Ko‘p auditoriyaga ega bo‘lgan blogerlar uchun axborot sayohatlari tashkil etiladi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ularning muammo va takliflaridan kelib chiqib, turizm xizmatlari operatorlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya shaklida qaytarish muddatlarini uzaytirish, eksport geografiyasini kengaytirish, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini xorijda tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. .

Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoat kengashi tuzishni ham taklif qildi.